Yangiliklar
Farg‘onada mehr va e’tibor: 100 nafar bolaga bayram quvonchi ulashildi
17-mart 2026-yil
Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Navro‘z umumxalq bayrami hamda Ramazon hayiti arafasida insonparvarlik va mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan ezgu tadbir tashkil etildi.
Boshqarma boshlig‘i Sherzod Dolimov rahbarligida o‘tkazilgan ushbu tashrif doirasida viloyatda uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlaridan iborat 100 nafar bola holidan xabar olindi.
Tadbir davomida boshqarma apparati xodimlari o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan samimiy muloqot o‘tkazib, bolalarning ta’lim olish sharoitlari, sog‘ligi va kayfiyati bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, ularga bayram tabriklari yo‘llanib, ezgu tilaklar bildirildi.
Uchrashuv yakunida o‘quvchilarga kitoblar, bayramona sovg‘alar hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bolalar hamda ularning oila a’zolari qalbida quvonch va minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Mazkur tashrif jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik qadriyatlarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, alohida e’tibor va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida ahamiyat kasb etdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.