Yangiliklar
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘quvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
16-mart 2026-yil
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilyafruz Qosimova Farg‘ona shahridagi 8-, 27- hamda 28-umumta’lim maktablarida bo‘lib, o‘quvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida 9–11-sinf o‘quvchilari uchun “Kelajak soati” doirasida davra suhbatlari tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda yoshlar bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Shuningdek, “Yil boshi – Navro‘z” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga Navro‘z bayramining kelib chiqish tarixi, uning xalqimiz hayotidagi o‘rni, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Navro‘z tinchlik, yangilanish va ezgulik timsoli ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir jarayonida o‘quvchilar faol qatnashib, Navro‘zga bag‘ishlangan she’rlar aytishdi hamda savol-javoblar orqali o‘z bilimlarini yanada mustahkamlashdi. Shu bilan birga, maktablarda Navro‘z bayrami munosabati bilan “Varrak yasash musobaqasi”, “Milliy o‘yinlar – milliy liboslar” kabi qiziqarli tadbir va musobaqalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur uchrashuvlar o‘quvchilarda milliy qadriyatlarimizga hurmat, urf-odat va an’analarimizni e’zozlash hamda ularni kelajak avlodga yetkazish mas’uliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.