Yangiliklar
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘basi boshlig‘i Nodirbek Ahmedov ishtirokida brifing
4-fevral 2026-yil
Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘basi boshlig‘i Nodirbek Ahmedov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yo‘nalishida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”, shuningdek, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha idoraviy dasturda belgilangan vazifalar bajarilib, har oylik hisobotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etib borilmoqda.
2025-yil davomida tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 3 ta “Yo‘l xaritasi”, 2 ta nazorat rejasi hamda 2 ta chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi.
Boshqarma tomonidan tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari hamda ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi talablar buzilgan 38 ta holat aniqlandi. Natijada:
• 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi;
• 29 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi;
• 20 ta holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Shuningdek, xodimlarni majburiy obunaga hamda faoliyatiga doir bo‘lmagan ishlarga jalb etganligi uchun:
• 1 nafar MMTB boshlig‘i va 5 nafar ta’lim muassasasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi;
• 9 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Korrupsiyaning oldini olish maqsadida tizimda faoliyat yuritayotgan 2 865 nafar maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari “Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida 2 soatlik malaka oshirish kurslari doirasida o‘qitildi.
Bundan tashqari, xodimlarning mustaqil o‘qib-o‘rganishini tashkil etish maqsadida 74 ta taqdimot va 49 ta videorolik ta’lim muassasalariga yetkazib berildi.
2024–2025-yillarda viloyat ta’lim tizimi xodimlari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilib, jumladan, 2024-yilda 55 ta, 2025-yilda esa 45 ta holat aniqlandi hamda mas’ul shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi.
Ushbu jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar boshqarma hay’at yig‘ilishlarida muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi va ijrosi doimiy nazoratga olindi.
Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berish maqsadida barcha ta’lim muassasalari binolarining kirish qismiga maxsus aloqa kanallari hamda “Ishonch telefoni” ko‘rsatilgan plakat va flaerlar joylashtirildi.
Korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirish maqsadida ta’lim sohasida boshqaruv jarayonlari “bir darcha” tamoyili asosida raqamlashtirilmoqda. Jumladan, quyidagi davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazildi:
• bolalarni 1-sinfga qabul qilish;
• o‘quvchilarni bir maktabdan boshqa maktabga ko‘chirish;
• shahodatnoma dublikatini berish;
• chet el fuqarolarining farzandlarini maktabga qabul qilish;
• eksternat tartibida imtihonlar uchun ariza qabul qilish;
• xorijda olingan ta’lim hujjatlarini nostrifikatsiya qilish;
• nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish;
• pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va boshqalar.
Natijada davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati yaxshilanib, ortiqcha tartib-taomillar qisqartirildi, xizmat ko‘rsatish muddatlari 2 barobarga kamaytirildi hamda sohadagi murojaatlar soni 2 karra qisqardi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish jarayoni to‘liq raqamlashtirildi. Yangi tashkil etilgan maktablarga pedagog kadrlarni maxsus elektron platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etilmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.