Yangiliklar
Farg‘onalik Nozimjon Shavkatjonov 416 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi
15-dekabr 2025-yil
Bugun poytaxtimizda 2024-2025-o‘quv yili davomida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 2025-yilda yurtimiz o‘quvchilari 29 ta xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, jami 210 ta medal (40 ta oltin, 78 ta kumush, 92 ta bronza)ni qo‘lga kiritgani qayd etildi.
Quvonarlisi, Dang‘ara tumanidagi 1-sonli ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktab-internati sobiq o‘quvchisi, hozirda O‘zbekiston milliy universiteti talabasi Nozimjon Shavkatjonov ham O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sifatida ushbu yutuqlarga munosib hissa qo‘shdi.
Fransiyaning Parij shahrida 55-marotaba o‘tkazilgan, dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan kelgan eng iqtidorli yosh fiziklar qatnashgan Xalqaro Fizika olimpiadasida (IPhO) bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu erishgan natijasi uchun bugungi marosimda u 416 millon so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Uning ustozi Shavkat Mamatqulov esa 12 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.