Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
9-oktabr 2025-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda “Gigiyena vositalari ota-ona zimmasiga yuklanyabdimi?” mazmunidagi xabar tarqatildi.
Unda Beshariq tumanidagi 51-Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan ota-onalardan suyuq sovun, xo‘jalik qog‘ozi va shunga o‘xshash gigiyena vositalarini olib kelish so‘ralgani, buning natijasida ota-onalar norozilik bildirgani tanqid ostiga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida tashkilot rahbariyati, xodimlari hamda bir qator tarbiyalanuvchilar ota-onalari bilan suhbat o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, tashkilotning katta guruh tarbiyachisi O.X. ota-onalar bilan kelishgan holda bolalarning intellektual rivojlanishiga xizmat qiluvchi ayrim qo‘shimcha o‘quv qurollarini olib berishni so‘ragan.
Suhbat chog‘ida ota-onalarning aksariyati bu masala ixtiyoriy asosda va o‘zaro kelishuv bilan amalga oshirilganini ma’lum qilganlar. Faqatgina bir nafar fuqaro bu xarajatlar ham tashkilot zimmasida bo‘lishi kerakligini bildirgan va o‘z noroziligini ijtimoiy tarmoqlar orqali ifoda etgan.
Maʼlumot uchun: muassasada tarbiyalanuvchilar tomonidan foydalaniladigan o‘quv qurollari yil davomida shaxsiy portfoliosida saqlanib, bola maktabga chiqish davrida ota-onasiga topshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi 297-son qarori asosida “Toza qo‘llar” dasturi doirasida barcha ta’lim muassasalariga suyuqlangan sovun va xo‘jalik qog‘ozi davlat byudjeti hisobidan bepul yetkazib beriladi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, 51-sonli MTT tarbiyachisi O.X. ota-onalarning telegram guruhida vaziyatga noto‘g‘ri yondashuv asosida topshiriq bergani uchun ogohlantirildi.
Shuningdek, muassasa rahbari va mas’ul xodimlarga fuqarolar bilan muloqotda madaniyatli, sabrli va xolis bo‘lish, his-hayajonga berilmaslik lozimligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.