Yangiliklar
Farg‘ona shahrida “O‘qituvchi va murabbiylarga ehtirom oyligi” doirasida tantanali forum bo‘lib o‘tdi
4-oktabr 2025-yil
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi san’at saroyida “O‘qituvchi va murabbiylarga ehtirom oyligi” doirasida tantanali forum tashkil etildi. Tadbirda ta’lim sohasi vakillari, tajribali ustoz va murabbiylar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uni Farg‘ona shahar hokimi ochib berib, o‘z nutqida yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shayotgan, jamiyat hayotida beqiyos o‘rin tutuvchi ustoz va murabbiylarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Tadbir davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Jumladan:
*maktablarda ta’lim sifatini oshirish,
*o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish,
*yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish,
*maktab ma’muriyati, psixologlar hamda sinf rahbarlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida ijodiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mazkur tadbir ta’lim sohasi vakillariga bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘lib, ularning fidokorona mehnatini qadrlash, jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini e’tirof etishga xizmat qildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.