Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
13-sentabr 2025-yil
Ijtimoiy tarmoqda "Qo‘qon shahridagi 4-maktabda 63 yashar ayolga zo‘ravonlik" sarlavha ostida lavha tarqaldi.
Ushbu lavhada Qo‘qon shahridagi 4-maktabda direktor o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan A.N. (lavha osti yozuvda maktabning 63 yoshli ayol o‘qituvchisi deyilgan) bugun 13-sentyabr kuni ish vaqtida maktabning "zavuchlari" tomonidan zo‘ravonlikka uchragani, ya'ni muassasa binosining zinapoyasidan uni itarib yuborilgani va jarohat olib shifoxonada muolaja olayotgani iddao qilingan...
Holat Farg‘ona yiloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganildi hamda vajlar mutlaqo asossiz va tuhmat ekanligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida: Qo‘qon shahar 4-maktab direktori va maktab o‘qituvchilarining bergan ko‘rsatmalarida bugun — 2025-yil 13-sentyabr kuni maktab o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.N. ertalab soat 7.40 da maktabga kirib kelgani, dars jarayonlari boshlanganidan keyin o‘zboshimchalik bilan sinf xonalariga kirib, o‘qituvchilardan bugungi talabda bo‘lmagan turli hujjatlarni taqdim etishlarini so‘rab, janjal ko‘targani va darsni buzgani, o‘qituvchilar Q.S., N.N. va rahbariyatni ochiqdan ochiq haqoratlagani, maktab direktori A.N.ni tartibga chaqirgani va tinchlantirish harakatini qilgani, imkon bo‘lmaganligi bois, muassasadagi tashvish tugmasini bosib IIB qo‘riqlash xizmati xodimlarini chaqirishga majbur bo‘lgani hamda tashkilotga kelgan huquq-tartibot xodimlariga ham o‘ta qo‘pol muomalada bo‘lganligi va qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan A.N.ni maktab hududidan chiqib ketishi talab qilishgani va u muassasani tark etgani, unga nisbatan hech kim qo‘pol munosabatda bo‘lmagani va kuch ishlatmagani aniqlangan.
Suhbat davomida ushbu maktab jamoasi ko‘p yillardan buyon A.N. va uning qizi D.T. muassasada o‘qituvchilarni qonuniy faoliyatlariga xalaqit berishib, arzimagan bahonalar bilan janjallar qiliishib, o‘z ta’sirlarini ko‘rsatib, muassasada sog‘lom muhitni buzib kelayotganlari haqida shikoyat qilib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini so‘rashgan.
Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilardan asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.