Yangiliklar
MUROJAAT
27-may 2025-yil
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ixtiyor Mahkamovning ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tizim xodimlari va keng jamoatchilikka
MUROJAATI
Hurmatli ta’lim tizimi jamoasi va qadrli ota-onalar!
Hech kimga sir emas, bugungi kunda mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalaridagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Barchamizga ma’lum-ki, Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida joriy yilning 1 may kunidan 1 iyun kuniga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurash oyligi” davom etmoqda. Oylik doirasida viloyatimizdagi ta’lim muassasalarida ham sezilarli ishlar bajarilib kelinmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizda 1076 ta maktab va 4209 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ularda 73 mingdan ortiq pedagoglarimiz faoliyat olib bormoqda.
O‘tgan o‘quv yili davomida tizimda korrupsiyaga oid bir nechta murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning aksariyati maktablardagi dars taqsimotlari, maktablarga o‘quvchilarni qabuli, ustama haqlarini belgilashdagi nohaqliklar, shuningdek, ishga qabul qilish jarayonlaridagi ta’magirliklar uchrayotganligi achinarlidir.
Hurmatli maktab direktorlari hamda ustozlar. Hech kimga sir emas, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish barchamizning vazifamizdir. Bu borada yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida sizlarga yana bir bor eslatib o‘tish bilan birga, ogohlantirmoqchimiz-ki, yuqorida ta’kidlanganidek, pedagogga xos bo‘lmagan ta’magirlik, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygan har qanday davlat xizmatchisi albatta qonun oldida javobgardir.
Darhaqiqat, davlat xizmatchisining, eng avvalo, yuragi, vijdoni va ko‘ngli ochiq, aql va zakovat sohibi bo‘lsa, u albatta el-yurt ishonchini, mehrini va e’tiborini qozona oladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun, avvalambor, o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik.
Mazkur murojaatim orqali Sizlardan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida shu kabi korrupsion holatlar kuzatilganda yoki shubha tug‘diruvchi va noqonuniy holatlar yuz berganida aloqa kanallarimiz va rasmiy saytimizga murojaat qilishingizni so‘rab qolaman. https://t.me/FarVMMTB/23215