Yangiliklar
RISHTONDA QO‘SHALOQ BAYRAM
18-yanvar 2025-yil
Tumandagi 61-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2009-yilda qurilgan mavjud binosi 180 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 400 nafar o‘quvchi ikki navbatda ta’lim olayotgan edi. Keyingi vaqtlarda maktabning o‘quv binolar va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar talab darajasida emasligi ota-onalarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgandi. Shu bois muassasaga davlat investitsiya dasturi asosida salkam uch miliard so‘m mablag‘ evaziga 2 qavatli 240 o‘rinli yangi bino qurib berildi. Endilikda maktabdagi sharoit talabga javob beradi. Iimkoniyatlar esa yanada kengaydi.
Bugun shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda tuman hokimi, sektor rahbarlari, jamoatchilik faollari, ota-onalar, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida so‘z olganlar davlatimiz tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun yangi binolar qurish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganini, ta’lim maskani o‘quvchilar, ularning ota-onalari, ustozlar uchun bu harakatlar o‘ziga xos sovg‘a bo‘lganini alohida ta’kidlashdi.
Shuningdek, ta’lim maskanida "Tashabbusli byudjet" loyihasi doirasida 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy sport maydonchasi va ma’naviyat maskani ham barpo etildi.
Tadbir ishtirokchilari sport maydonchalarida yoshlar quvonchiga sherik bo‘lishdi, ma’naviyat maskani faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Nuroniylar kelajak avlod uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun minnatdorchilik bildirib, qo‘l ochib duolar qilishdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.