Yangiliklar
Beshariq tumanida yana bir maktabning imkoniyatlari kengaydi
15-yanvar 2025-yil
Bunyodkorlik ishlari uchun davlatimiz tomonidan salkam besh milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi
Tumanning "Qashqar" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 29-maktabning zamonaviy qiyofadagi qo‘shimcha 660 o‘rinli yangi binosi qurilib foydalanishga topshirildi.
Unda tuman hokimi, sektor rahbarlari, maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda keng jamoatchilik vakillari, faxriy o‘qituvchilar, shuningdek, maktab jamoasi ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda so‘z olganlar ta’lim maskanining yangi binosi va qulay sharoitlar yaratilgani bilan maktab jamoasini, yoshlar hamda mahalla ahlini qutlab, zamon talablari asosida bunyod etilgan o‘quv binosining zarur moddiy-texnik imkoniyati yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Marosimda ramziy lenta qirqilgach, ishtirokchilar yangi inshootda ertamiz egalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati.