Yangiliklar
FARG‘ONADA USTOZ VA MURABBIYLAR E’ZOZLANDI
1-oktabr 2024-yil
Bugun Farg‘ona shahridagi “Jasmin” tantanalar majmuasida sanaga bag‘ishlab bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unga viloyatimizning shahar va tumanlarida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylar, soha faxriylari hamda tajribali o‘qituvchilar vakillari taklif etildilar.
FARG‘ONADA USTOZ VA MURABBIYLAR E’ZOZLANDI
Yurtimizda ta’lim sifatini oshirish va soha fidoyilarini yanada rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan keng islohotlar olib borilib, ularga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda.
1-oktyabr – "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan yurtimizda, xususan, Farg‘ona viloyatida ham bayram tantanalari har yilgidanda ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bugun Farg‘ona shahridagi “Jasmin” tantanalar majmuasida sanaga bag‘ishlab bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unga viloyatimizning shahar va tumanlarida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylar, soha faxriylari hamda tajribali o‘qituvchilar vakillari taklif etildilar.
Tantanali tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soha fidoyilarini kasb bayramlari bilan qizg‘in tabrikladi.
Prezidentimizning kuni kecha o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazgan muloqoti ta’lim sohasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqanligini, 7 ta yo‘nalishda vazifalar belgilanganini bildirib, muhim tashabbuslar, vazifalar ilgari surilganligiga e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbarining, “Ta’lim va tarbiya butun jamiyatning muqaddas ishidir! Barchamizdan doimo hamjihatlik, faollik va fidoyilikni talab etadigan hayot-mamot masalasidir. Ezgulik, bilim va ma’rifatni qurol qilib, jaholat va yovuzlik yo‘lini to‘saylik!”, deya qilgan murojaati har bir yurtdoshimizning kundalik hayotidagi shiori bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Viloyatimizdagi ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlarda, erishilayotgan yutuqlarda o‘qituvchi va ustozlarning ulkan hissasi borligini e’tirof etib, ularga minnatdorlik bildirildi.
Bugungi tadbirda viloyatimiz ta’lim tizimida samarali faoliyat olib borib, ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan o‘qituvchi va murabbiylar, faxriy ustozlarning katta guruhi taqdirlandilar.
Jumladan, 15 nafariga “Xalq ta’limi fidoyisi”, 45 nafariga “Xalq ta’limi a'lochisi” vazirlikning ko‘krak nishoni va bir qator soha fidoyilariga vazirlik faxriy yorlig‘i hamda 50 nafar faxriylarga sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar topshirildi.
Xushovoz xonandalar va san’atkorlarimiz tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.